Adabiyot — hasratdan boshqa narsa emas. Faqat yozuvchining oddiy odamdan farqi – oddiy odam o‘z dardidan hasrat qilsa, yozuvchi birovlar dardidan hasrat qiladi.

Vaqti kelganda, ijodkorni bir og‘iz iliq so‘z bilan siylab qo‘yish ham uning hayotini o‘zgartirib yuborishi mumkin. Biroq pishmagan mevani urib tushiradigan “mergan”dek mukofotga intilish, hay-hay, uyat! Ta’magirlikdan boshqa narsa emas.

Bu o‘tkinchi dunyoda adib degani shaxs bo‘lib qolishi kerak.

Xudbin odamniyu xudbinlikni kechirmaslik kerak. Inson qusurlarining jamisi shunda.

Yozuvchi kundaligi matematikning formulalar daftariga o‘xshaydi.

Iqtidorli yozuvchilar bilib-bilmagan holda o‘zini — o‘zligini izlaydi; o‘zlikni bilmoq esa — o‘zgalarni bilmoq uchun kalit vazifasini o‘taydi.

Muammolarning muammosi — odam. Odamni chinakamiga aks ettirar ekansan, uning qilmish-qidirmishlaridan muammolar kelib chiqaveradi. O‘sha muammolarni hal etish esa... sening ishing emas: uni hayot hal etadi va pirovardi, o‘sha “hal etilish” jarayoni yana adabiyotda aks etishi mumkin.

Adabiyotning o‘suvi — millatning o‘suviga garov va millat kamolini ko‘rsatuvchi oyna.

Haqiqiy adib aslo ruhini tushirmay ijod qilishi lozim. Chin adib o‘sha — yorug‘ kunlarni kutmasdan, unga umid bilan boqib ijod qilaverishi kerak.

“Mana Buyuklar” kanali